Farg‘ona shahrida elektr hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazib elektr energiyasidan foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda “C-C.” MCHJ rahbari M.O. Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasiga o‘rnatilgan elektr hisoblagich muhriga shikast yetkazib, ulanish sxemasiga o‘zgartirish kiritib olgani aniqlandi.
Buning natijasida jami 160 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” ikkita hududda 659 mln so‘mlik ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Uchko‘prik va Yangiyo‘l tumanlarida fuqarolar elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganligi aniqlandi.