Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi 7 yilda Qoraqalpog‘istonda 17,8 trln so‘mlik 6 784ta loyiha amalga oshirilgan. Natijada 56 mingta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda $2,81 mlrdlik eksport qilingan. Bu yil hududda umumiy qiymati $874 mlnlik 470ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati $9,5 mlrdlik 124ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb $1,8 mlrd 10tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Jumladan, “Ji An Tai International” kompaniyasi bilan Qorao‘zak tumanidagi qiymati $20 mlnlik Urusay konini o‘zlashtirish bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslarni tayyorlash bosqichi yakunlanib, ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi.
Hozirda tegishli kon tayyorlash ishlari olib borilib, uskunalar o‘rnatildi hamda 1 mln tonna ma’dan qayta ishlandi va ishlab chiqarilgan oltin, Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga realizatsiya qilindi. Bu Qoraqalpog‘istondagi ilk oltin koni hisoblanadi.
Shuningdek, “Triangul Metals Tebinbulak” kompaniyasi bilan Qorao‘zak tumanidagi Tebinbuloq konini o‘zlashtirish ($1,6 mlrd) ishlari olib borilmoqda.
Kompaniya tomonidan yiliga 58 mln tonna ma’danni qayta ishlab, 5 mln tonna temir konsentratini ishlab chiqarish orqali 3,6 mln tonna po‘lat xomashyosini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha ishlab chiqildi.
Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi yirik loyihalar qurilishiga start bergani haqida yozgandi. Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida umumiy qiymati $1,4 mlrddan ortiq shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.