15-avgust kuni hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tuman va shaharlarda sanoat korxonalari bilan ishlash bo‘yicha “respublika — viloyat — tuman” tamoyili asosida vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida hududiy shtablar tashkil etiladi. U o‘z ichiga soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalari rahbarlarini oladi.
Shu bilan birga, iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika shtabi tashkil etiladi.
Joriy yilning 1-sentabridan Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Iyul oyida davlat rahbari mahalliylashtirish bo‘yicha ishlarni yangi tizim asosida tashkil qilishni topshirgandi. Raqobat qo‘mitasi hudud va tarmoq kesimida o‘rganib, bozorda yetishmayotgan mahsulotlar bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarini beradi.
Shu bilan birga, G‘ijduvon tajribasi asosida tuman hokimlariga 1 mingta mahallani o‘zida “tepaga o‘sadigan” (vertikal) sanoat binolari tashkil qilish topshirilgandi.
Lekin, prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tuman hokimlari hisob-kitob qilib, nechta loyiha qilish va qancha ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejasini tasdiqlamagani aytildi.