19-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlanishi hamda savdo majmualarini ishga tushirishda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
So‘nggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan. Qiymati 50 mlrd so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda.
Imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trln so‘mdan ziyod mablag‘ qolgan. Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 ming nafardan ortiq yangi tadbirkorlar paydo bo‘lgan.
O‘tgan yili $345 mlnlik 1 400dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida $730 mln xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. 2017-yilda Qoraqalpog‘istonda 73ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu 175taga yetdi.
Hozirda hududda qariyb $9,5 mlrdlik 120dan ortiq yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular 2025−2028 yillarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trln so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va budjetga 500 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.
Mamlakatda $2 mlrd investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakunigacha qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15%ga yetkaziladi. Umumiy qiymati $19 mlrdlik 18,6 gigavattli 32ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezident bunda Qoraqalpog‘istonning hissasi katta ekanini ta’kidladi. Tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati mavjud.
2030-yilgacha hududda $11 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 mlrd kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.
Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Bu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlanmoqda.
Bular qatorida Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati $1,2 mlrdlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati $250 mlnlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi bor.
Kelgusida ularda yiliga 4,2 mlrd kilovatt soat yoki 1,75 mln xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 mlrd metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 mln tonnaga qisqaradi.
Bu bilan bir paytda Qo‘ng‘irotda shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar qurilishi boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 ming megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, $100 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Nukus tumanida $24 mln investitsiya hisobiga yiliga 20 mln dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida $62 mlnlik 12ta loyiha ishga tushirilmoqda. Shulardan ikkitasi — Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.
“ACWA Power” kompaniyasi bilan Qo‘ng‘irot tumanida umumiy quvvati 5 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati $6,2 mlrdni tashkil etadi. BAAning “Amea Power” kompaniyasi bilan esa tumanda $1,1 mlrdlik umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi.
Joriy yilgi ochiq muloqot 20-avgust kuni Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladi. Uning doirasida turli sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasining Call-markazi orqali murojaatlar qabul qilindi.