Bu haqda davlat rahbari raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qoraqalpog‘istonda Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, 452ta mahallaning har biriga 500 mln so‘mdan ajratildi. OTBdan jalb qilingan $274 mln hisobidan Buxoro-Nukus-Beynov yo‘nalishidagi 240 kilometr magistral yo‘l yaqin kunlarda ishga tushiriiladi.
Yaqinda tasdiqlangan qishloq xo‘jaligini iqlimga moslashtirish dasturiga ko‘ra, Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga $80 mln beriladi.
Qoraqalpog‘iston aholisini rozi qilish, hayotini yaxshilash, inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha hudud rahbariyatida tashabbuskorlik yetishmayotgani, tuman hokimlari esa bunga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani ko‘rsatib o‘tildi, amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas, deb topildi.
Yil boshidan Bo‘zatov, Beruniy, Qorao‘zak, Kegeyli, Mo‘ynoq, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Shumanayda investitsiya $5 mlnga ham yetmagani qayd etildi. Investitsiya hisobiga tashkil qilingan ba’zi korxonalar ishlamayotgani, hududda eksport $100 mlndan kam bo‘lgani tanqid qilindi.
Yil boshidan Qoraqalpog‘istondagi korxonalar 350 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalandi. Natijada tadbirkorlar “soya"dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, imtiyoz olgan ayrim korxonalarda ish o‘rinlari kamaygan.
Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarini “ishsizlik va kambag‘allikdan holi hudud"ga aylantirish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.
“Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘qligi hisobga olinsa, shahar-tuman hokimlari bu imkoniyatlarni loyiha va ish o‘rniga aylantira olganda, ko‘rsatkichlar 5−10 karra yuqori bo‘lardi”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda $20 mlnlik dastlabki oltin koni o‘zlashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Hozirda 1 mln tonna ma’dan qayta ishlanib va ishlab chiqarilgan oltin Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga realizatsiya qilinmoqda.