Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida “IT Park” filialini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yetti yil oldin mamlakatda IT-kompaniyalari soni 147ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘istonda “IT Park” rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. 2024-yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga ko‘paydi.
Ta’lim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari o‘qitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali o‘tgan yilda 18 ming nafar, joriy yilning shu kunigacha 29 ming nafar yosh o‘qitildi. 33 mingdan ziyod yoshga ta’lim berish rejalashtirilgan.
Prezidentning 2021-yilgi tashrifi doirasida berilgan ko‘rsatma bilan Nukus shahri markazida 17 qavatdan iborat “IT Park” filiali qurilgan. Unda IT-ta'lim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud. Binoga texnopark rezidentlari, investorlar va chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi.
Avval AQShning “Amazon” kompaniyasida ishlagan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov mamlakatga qaytib, o‘zining “Hupo” startapiga $4 mln sarmoya jalb qilgan. Davlat rahbari u bilan suhbatlashdi. Davlat rahbari yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
“Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish o‘rinlari paydo bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“UZINFOCOM” markazining filiali ham binoda joylashib, hudud yoshlarini “uStudy” dasturi orqali kasblarga o‘qitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar o‘z sohasi bo‘yicha kompaniyalarga ishga joylashadi. Prezident barcha hududlarda IT-parklar uchun DXSh asosida shunday ko‘p qavatli binolar qurish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur IT-parkni Qoraqalpog‘iston tumanlaridagi maktablar bilan bog‘lab, sohaga qiziqqan yoshlarni o‘qitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
2023-yil yakunlari bo‘yicha 110ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum bo‘ldi. Monitoring natijalariga ko‘ra, mazkur kompaniyalar auditorlik xulosasini topshirmagani aniqlandi.
Avvalroq IT-kompaniyalarga Qoraqalpog‘istonda loyihalarni amalga oshirishga yordam berilishi ma’lum qilingandi.