Malayziya kompaniyasi Farg‘ona viloyatida quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini quradi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Malayziyaning qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sunview Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Unda viloyatda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyiha bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Quyosh elektr stansiyasini Farg‘ona tumanida qurish belgilangan bo‘lib, uning qiymati $150 mlnni tashkil etadi.
Malayziyaning qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyasi loyihaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya yo‘naltiradi.
Hozirda investor kompaniya va Energetika vazirligi o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida loyihani amalga oshirish va quyosh elektr stansiyasi tarif narxlari kelishildi.
Farg‘ona tumanidan tanlangan yer maydoni investorga texnik va iqtisodiy jihatdan o‘rganish uchun taqdim etildi. Stansiyani qurish ishlarini joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlash rejalashtirilgan.
Uchrashuvda “Global Textile” kompaniyalar guruhi bilan olib borilayotgan loyihalar xususida ham ma’lumot berildi. Homiylik asosida ehtiyojmand oila xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatib berish tashabbusi ilgari surildi.
Bundan tashqari, Malayziya va Farg‘ona oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi istiqbolli loyihalar bo‘yicha fikr almashildi. Malayziya va Farg‘onada ikki hudud vakolatxonasini ochish taklif etildi.
Iyun oyida Malayziya kompaniyasi Andijon va Farg‘onada ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Andijon quriladigan stansiya quvvati 400 MVtni tashkil etadi.
Undan keyin, 18-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev hamda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ishtirokida yirik kooperatsiya loyihalariga start berilgandi. Ular orasida “Sunview Group"ning mazkur quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasi ham bor.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Bo‘kada quyosh fotoelektr stansiyasini qurishi haqida xabar berilgandi.