“Plug and Play Uzbekistan” startaplar uchun akseleratsiya dasturining 3-bosqichiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Unda butun dunyodan startaplar, Markaziy Osiyo bozoriga kirishni yoki xarajatlarni kamaytirish uchun O‘zbekistonda rivojlanish ofislarini ochishni xohlovchi nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.
Dastur davomiyligi uch oy bo‘lib, ishtirokchilar yetakchi murabbiylar rahbarligida global tarmoqqa va xalqaro bozorlarga kirish, “IT Park” rezidenti bo‘lish va soliq imtiyozlarini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Shu bilan birga, mahalliy xodimlarni izlash, ofis maydonini tanlash, xalqaro texnologik tadbirlarda ishtirok etish hamda ta’sischilar va amaldagi xodimlar uchun IT-viza olishda ko‘maklashiladi.
Startaplarga global korporativ hamkorlar bilan seminarlar, murabbiylik va netvorking imkoniyatlari taqdim etilib, eksport uchun biznesni kengaytirishda qo‘llab-quvvatlanadi.
Platforma vakillarini birinchi navbatda quyidagi sohalardagi loyihalar qiziqtiradi:
- fintech;
- sug‘urta texnologiyalari (Insurtech);
- korporativ texnologiyalar va sun’iy intellekt (Enterprise & AI);
- ta’lim (Edutech).
Dasturda ishtirok etishni xohlovchi nomzodlar arizalarni joriy yilning 30-sentabrigacha havola orqali jo‘natishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq tadbirkor ayollar uchun “StartCamp Women” akseleratoriga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 31-avgustigacha jo‘natish mumkin.