Avvalroq davlat rahbari raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Unda prezident hududning ishga solinmagan imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi.
Yil boshidan Qoraqalpog‘istonga 1,3 mln sayyoh tashrif buyurdi. Lekin mehmonxona o‘rinlari 2,5 mingga ham yetmagani uchun turistlar 1−2 kun vaqtini Qoraqalpog‘istonda o‘tkazayapti.
Nukusdagi Achchiq-ko‘l atrofidagi 20 gektarda turar-joy kompleksi, mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin. Nukus shahri va tumanidan o‘tgan Do‘stlik kanali va Kegeylidagi “Kegeyli” kanali bo‘yida yirik savdo va servis majmualarini barpo qilsa bo‘ladi.
Shu bilan birga, Nukusda joylashgan “Istiqlol” parki 5 yildan buyon ishlamayapti. Ushbu bog‘ xususiy sheriklik asosida foydalanish uchun berilsa, tadbirkorlar $10 mln sarmoya kiritib, yangi park barpo etish taklifini bergan. Amudaryo, To‘rtko‘l, Beruniy, Xo‘jaylida turistlarni jalb qilish bo‘yicha juda katta salohiyat borligi ta’kidlandi.
Xo‘jaylidagi Samonko‘l va Bag‘man mahallalarida tadbirkorlar $10 mln investitsiya kiritib, 2ta parrandachilik kompleksini ishga tushirmoqchi.
To‘rtko‘ldagi Ullibog‘ mahallasida 6ta tadbirkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Ularga asosiy temir yo‘lga ulanish uchun o‘z hisobidan 100 metr tarmoq tortishga ruxsat berilsa, qo‘shimcha 50 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, $2 mlnlik eksport qilishini aytmoqda.
Beruniy, To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Amudaryo tumanidan o‘tuvchi “G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beynov” yo‘li bo‘yidagi 140 gektar yerda 300ta savdo va servis obyektini joylashtirsa bo‘ladi.
Ellikqal’ada 19ta mahalla atrofida bozor yo‘qligi uchun To‘rtko‘l va Beruniy tumanlariga borishga majbur. Bu mahallalarga yaqin joydan 10 gektar ajratilsa, tadbirkor $5 mln investitsiya kiritib, bozor qurmoqchi.
Shu kabi ko‘plab imkoniyatlarni sanab, prezident Qoraqalpog‘iston tuman va shahar hokimlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishini ta’kidladi.
Bunda, tuman va shahar hokimlari har oyda o‘ziga biriktirilgan bittadan viloyatga boradi, ulardagi yaxshi tajribalarni o‘rganadi va tumanida joriy qiladi.
Tadbirkorlarga o‘z hududidagi salohiyat va ustun jihatlarni tadbirkorlarga taqdimot qiladi, kamida 5tadan tashabbuskor topib, o‘z tumaniga olib keladi va loyihani boshlaydi. Haftada bir kunni to‘liq tadbirkor va investorlarga ajratib, muammosiga yechim topadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston hududlari bilan boshqa viloyatlardagi tumanlar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha har yili investitsiya forumi o‘tkaziladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi yirik loyihalar qurilishiga start bergandi. Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida umumiy qiymati $1,4 mlrddan ortiq shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.