Ichimlik suvidan qarzdor iste’molchilarga kredit bermaslik taklifi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” kompaniyasiga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Kompaniya bo‘lim boshlig‘i Shahboz Sarmanov hozirda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzi bor iste’molchiga qarzdorlik bartaraf etilmagunicha har qanday turdagi kreditni bermaslik tizimi ishlab chiqilayotganini, banklar bilan integratsiya jarayoni yo‘lga qo‘yilishi oldida turganini qayd etdi.
“Agar iste’molchining nomida uy bo‘lmasa-da, lekin u ro‘yxatda turadigan xonadon suv ta’minoti tizimidan qarzdor bo‘lsa ham, kredit berilmaydi. Ayni paytda ushbu tartibni yo‘lga qo‘yish ustida ishlar olib borilyapti”, — dedi u.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, hozirda qarzdor iste’molchilardan qarzini undirish uchun gaz va elektr energiyasi tizimlari bilan bog‘lash varianti ham qaysidir darajada ko‘rib chiqilmoqda. Bu masalada chuqurroq tahlil qilinib, keyin aniq bir qarorga kelinadi.
O‘zbekistonda iste’molchilarning ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzdorligi salkam 1 trln so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 715,2 mlrd so‘mi jismoniy shaxslar, qariyb 250 mlrd so‘mi esa yuridik iste’molchilarga to‘g‘ri keladi.
Aholining debitor qarzdorligi yil boshiga nisbatan 41,5 mlrd so‘mga qisqargan. Mavjud 5 mlnta xonadondan 2,4 mlntasida qarzdorlik mavjud. Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘yicha 22,4 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (12,4 mingta) qayd etilgan.
Suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 117,6 ming nafar iste’molchidan jami 343 mlrd so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.