“X” ijtimoiy tarmog‘i Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr de Moraesning bosim o‘tkazishga urinishlari sababli Braziliyadagi ofisini yopayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “forbes.ru” nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, de Moraes Braziliyadagi kompaniya vakilini, agar X “senzura buyrug‘ini bajarmasa” hibsga olish bilan tahdid qilgan.
“Xodimlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun biz Braziliyadagi faoliyatimizni darhol to‘xtatishga qaror qildik”, dedi kompaniya.
Ijtimoiy tarmoqda qayd etilishicha, “X” bundan keyin ham mamlakat aholisi uchun mavjud bo‘ladi.
14-avgust kuni “X” Moraesdan bir nechta mashhur braziliyalik akkauntlarga oid talablar, jumladan, ro‘yxatdan o‘tish paytida ko‘rsatilgan ushbu foydalanuvchilarning ma’lumotlarini rasmiylarga taqdim etish bo‘yicha xatlar olganini xabar qilgan.
Ijtimoiy tarmoq ushbu masala bo‘yicha Oliy sudga bir necha bor murojaat qilganini, ammo ular ko‘rib chiqilmaganini va “Braziliya jamoatchiligi bu buyruqlar haqida xabardor qilinmaganini” aytdi.
Avgust oyi boshida Venesuela hukumati “X"ning mamlakatdagi faoliyatini 10 kunga to‘xtatib qo‘ygandi.
Tegishli farmonni prezident Nikolas Maduro imzolagan. U va platforma egasi Ilon Mask o‘rtasidagi ziddiyat milliarder iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalari ishonchliligiga ochiqchasiga shubha ostiga qo‘yganidan so‘ng avj oldi.
Avvalroq “Spot” “X” ijtimoiy tarmog‘i dizlayk funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Bu foydalanuvchilarga postlardagi yoqmagan izohlarga singan yurak shaklida maxsus belgi bilan javob berish imkonini beradi.