Restoran va kafelarga o‘zlariga tutash maydonlarda yozgi terrasaga ruxsat beriladi. Bu haqda Nukusda o‘tkazilayotgan Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Muloqotda xizmatlarda ulushi eng katta sohalardan biri umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari ekani qayd etildi. Davlat rahbari ularning eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini ta’kidladi.
Shundan kelib chiqib, 2025-yildan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi.
Bunda oylik aylanmasining 60%ini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40%i to‘langan zahoti qaytariladi. Agar bu 60%dan kam bo‘lsa, “keshbek” 20% bo‘ladi.
QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarga foyda solig‘i 2 barobarga kamayadi. Joriy yilning 1-dekabridan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Ularga bahor va yoz mavsumida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi. Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Xuddi shu kabi 1-oktabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to‘langan QQSning 20%i “keshbek” qilib beriladi.
Yil boshida Toshkentda noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlangandi. Undan keyin, MIB poytaxtning Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan “Giotto” yozgi “terrasa"sini buzishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoq asoschisi Kemal Kaya noqonuniy binolarni demontaj qilish jarayonida shaffoflik mavjud emasligini ta’kidladi.