Hindiston va O‘zbekistonni bog‘lovchi yangi multimodal yo‘nalishda konteyner tashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar berdi.
Tashuvlar sinov tarzida Hindistonning Mundra, Nhava Sheva va Chennai portlaridan harakatlandi. Hindistondan keyin Eronning Bandar Abbas portiga dengiz orqali hamda undan Sergeli stansiyasigacha temir yo‘l transportida olib kelindi.
Konteynerlar Bandar Abbas portidan Saraxs stansiyasiga qadar Eron platformalarida, u yerdan esa “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli platformalarga qayta yuklanib, Turkmaniston orqali O‘zbekistonga yetkaziladi.
20ta 20 futlik konteynerlardan iborat yuk poyezdi umumiy temir yo‘l uzunligi 2673 kmlik masofani 20 kunda bosib o‘tdi. Kelgusida tashish muddatini 15 kunga qisqartirish rejalashtirilgan.
2023-yilning iyulida Xitoydan O‘zbekistonga yangi multimodal yo‘nalish bo‘yicha konteyner poyezdi jo‘natilgandi. Birinchi poyezd Langfan-Qashqar-Irkeshtom-Osh-Toshkent yo‘nalishida harakatlanadi.
Noyabr oyida “FESCO” kompaniyasi Moskva-Toshkent yo‘nalishida konteyner poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya Uzoq Sharqdan O‘zbekistonga konteyner tashishning 35%ini amalga oshiradi.