Avvalroq Nukusda Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki barobar ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotgani qayd etildi. Muloqotda sanoatning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartirilishi belgilandi.
Endilikda biznes uchun elektr va gaz iste’moli limitdan 20%gacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20%dan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20%ga qimmatlashadi.
Tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Budjet, kredit va boshqalardan qarzi bor tadbirkorlarni hisob raqamiga “inkasso” qo‘yilgani uchun, ular elektr, gaz va suvga to‘lov qila olmayotgani qayd etildi.
Endilikda “inkasso” bo‘lganda ham, kommunal xizmatlarga to‘lovlar to‘xtatilmaydi. Bu esa ishlab chiqarishni to‘xtatmasdan, qarzdorlikni tezroq uzish imkonini beradi.