“General Motors” butun dunyo bo‘ylab dasturiy ta’minot va xizmatlar bo‘limida 1000dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda “CNBC” nashri xabar berdi.

Ishdan bo‘shatish “General Motors"ning Detroyt yaqinidagi texnologik kampusidagi 600ga yaqin ish o‘rinlariga ta’sir qiladi. Ishdan bo‘shatiladigan xodimlar dushanba kuni ertalab xabardor qilingan.

Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatishlar kompaniyaning 76 000 xodimining taxminan 1,3%iga ta’sir ko‘rsatdi, ulardan 53 000 ga yaqini AQShda ishlaydi.

“Biz „GM“ kelajagini qurayotganimiz sababli, tezlik va mukammallikni soddalashtirishimiz, dadil qarorlar qabul qilishimiz hamda eng katta ta’sir ko‘rsatadigan investitsiyalarni birinchi o‘ringa qo‘yishimiz kerak”, — dedi kompaniya vakili elektron pochta orqali yuborilgan bayonotda.

“Natijada, biz Software and Services tashkilotidagi ba’zi jamoalarni qisqartiramiz. Biz “General Motors"ga kelajakda yetakchilik qilish imkonini beruvchi mustahkam poydevor yaratishda yordam berganlardan minnatdormiz” deyiladi xabarda.


Avvalroq “Spot” “General Motors” Xitoydagi xodimlarini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniyaning xodimlarini ishdan bo‘shatishiga sotuv tushib ketgani va Xitoydagi o‘z strategiyasini o‘zgartirishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.