Eksportchilar uchun QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Hozirgi geosiyosiy jarayonda Yevropaga an’anaviy transport marshrutlari bo‘yicha yuk tashish cheklandi. Tranzit davlatlar o‘z tashuvchisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga berayotgan ruxsatnomalar sonini 3 barobargacha kamaytirdi.
Shu o‘rinda, transport korxonalarida 28ta davlat bo‘yicha 20 mingdan ortiq ruxsatnomalar ishlatilmasdan turibdi. Transport vazirligiga yuk tashish ruxsatnomalaridan foydalanish tizimi oshkoraligini oshirish topshirildi.
Buning uchun “E-logistika” platformasi ishga tushiriladi. U orqali eksportchilar uchun qaysi korxonada qancha ruxsatnoma borligini ko‘rish, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish mumkin bo‘ladi.
Shartnoma muddatidan qat’i nazar sotib olingan uskuna 180 kunda yetib kelmasa, muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanadi.
Bunda uskuna kelmaguncha boshqa import shartnomalariga to‘lovni amalga oshirish, oldindan to‘lovsiz eksport qilish mumkin emas, imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish cheklanadi.
Endilikda chetdan uskuna va butlovchi qism olib kelishda shartnoma muddati buzilmasa, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmasligi belgilandi.
Soliq va bojxonani axborot tizimlari bir-biriga ulangan bo‘lsa-da, eksportni tasdiqlaydigan hujjat talab etilayotgani qayd etildi.
Bundan buyon, bojxona organining eksportni tasdiqlovchi elektron ma’lumoti QQSni qaytarish uchun asos bo‘lib, boshqa ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Namangan, Samarqand va Xorazmda sinov laboratoriyasi tashkil qilish topshirildi. Bu oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, saralash, qayta ishlash uskunalari va butlovchi qismlari olib kelinganda sertifikat olish uchun joriy etiladi.
Shuningdek, hozir elektron hisob-faktura va tovar-transport yuk xatini alohida 2ta hujjat sifatida rasmiylashtirish, yuk xatiga 49ta ma’lumotni majburiy kiritish amaliyotini bekor qilish vaqti kelgani ta’kidlandi. Endi bu hujjatlar yagona shaklga keltiriladi va faqat 4ta ma’lumot kiritishni o‘zi yetarli bo‘ladi.
So‘rovlarda 30−40% korxonalar qaysi mahsulotga tashqi bozorda talab yuqori, qanaqa standart kerak, degan savollarga javob topishga qiynalishini aytgan.
Tashqi bozorda mahsulotlar turining ko‘payishiga, eksportchi korxonalar yangi bozorlarga kirib borishiga xizmat qiladigan tizim yaratiladi. Bu borada chet elda biznes qilib, katta tajriba orttirgan o‘zbekistonliklar va eksportchi korxonalarni bir-biri bilan bog‘lash samara berishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan ishlab, “savdo va investitsiya bo‘yicha maslahatchi” sifatida hamkorlik qilish, ularning taklif, tashabbus va loyihalariga ko‘maklashish topshirildi.