Yil yakunigacha Nukus erkin iqtisodiy zonasi hududida texnopark tashkil etiladi. Bu haqda 19-avgust kuni prezident raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘tgan yili hududdagi sanoat loyihalari uchun $100 mln resurs berildi. Nukus shahrida sanoat ipotekasi asosida tadbirkorlarga beriladigan 35 ming kv.metr maydoni bor ilk loyiha ishga tushayapti. Bir oy ichida yana bir shunday obyekt foydalanishga topshiriladi.
Mutasaddilarga bu tajribani ommalashtirib, yil yakunigacha Nukus EIZ hududida texnopark tashkil qilish topshirildi. Biznes uchun tayyor binolar qurilib, tadbirkorlarga 10 yilga lizingga beradi.
Qoraqalpog‘istonda sanoatni rivojlantirish uchun yana $100 mln yo‘naltiriladi. Nukus shahrida $1 mln, qolgan tumanlarda $300 ming investitsiya kiritish sharti bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari to‘g‘ridan to‘g‘ri berilayapti.
Kichik investitsiyalarga ham yer to‘g‘ridan to‘g‘ri berilsa, investorlar Nukus shahri, tuman markazlari va yo‘l bo‘ylarida kamida 2 ming aholini ish bilan ta’minlamoqchi. Davlat rahbari bunday kichik va o‘rta loyihalarga yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish taklifini ma’qulladi.
Hududda amalga oshirsa bo‘ladigan yana $9,5 mlrdlik 120ta istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Sentabr oyida Qoraqalpog‘istonda yirik Investitsiya forumini o‘tkazish reja qilingan. Mas’ullarga forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘i berildi.
Qoraqalpog‘iston tumanlari hokimlari va iqtisodiy kompleks yil yakunigacha 121 ming aholini band qilishi muhimligi ta’kidlandi.
Buning uchun tadbirkorlarning kredit va aylanma mablag‘ bilan bog‘liq masalasini tez-tez hal qilish, mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 9 mingta mikro va kichik loyihani ishga tushirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 636 mlrd so‘m yo‘naltirish vazifalari belgilandi.
Shular hisobiga yil yakunigacha Qoraqalpog‘istonda kambag‘allik darajasi hozirgi 13,6%dan 8,5%ga tushishi hisob-kitob qilingan.
Qoraqalpog‘iston aholisiga qulay sharoitlar yaratib berish uchun budjetdan yil yakunigacha qo‘shimcha 100 mlrd so‘m berilishi belgilandi.
Kelasi yilda hududda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish reja qilingan. Xususan, 24ta maktab, 5ta bog‘cha, 7ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi. Sanoat zonalari va yirik ishlab chiqarish obyektlariga infratuzilma olib borishga 353 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Qoraqalpog‘istonning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish maqsadida hududni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov zimmasiga yuklatildi.
Avvalroq hududning tuman va shahar hokimlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Bunda hokimlar o‘ziga biriktirilgan bittadan viloyatga borib, tajribalarni o‘rganadi va tumanida joriy qiladi.