O‘zbekistonda banklarga islom moliyasi asosida ishlashga ruxsat beriladi. Bu haqda 20-avgust kuni davlat rahbari Nukusda bo‘lib o‘tayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38%i islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan. Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi.
Bu — yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va $5 mlrdlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi, deya qayd etdi davlat rahbari.
2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirilgandi.
O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.
Yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.
May oyida regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangi va murakkab soha, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni talab qiladi.
O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish
2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.
Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan. Shu bilan birga, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham bunga yo‘l bermaydi.
“Spot” Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi.
Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.