Qirg‘iziston Milliy banki mamlakatdagi banklardan AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar bilan biznes aloqalarini to‘xtatishni talab qilmoqda. Bu haqda “Tazabek” nashri xabar berdi.

Xususan, bu Rossiya banklari “Sberbank”, “MTC Bank”, “Tbank” (Tinkoff) va milliy to‘lov tizimining operatorlari “NSPK” bilan munosabatlarga tegishli.

Ya’ni, tartibga soluvchi organ ushbu banklar va xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan tashkilotlar bilan bog‘liq har qanday operatsiyalarni to‘xtatishni so‘raydi.

Regulyator ikkilamchi sanksiyalar xavfini minimallashtirish uchun shoshilinch choralar ko‘rishni talab qiladi.

Milliy bank banklardan mijozlar va kontragentlar ustidan nazoratni kuchaytirishni, ularning AQSh (OFAC), Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatida yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun puxta tekshiruvlar o‘tkazishni hamda sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mijozlar operatsiyalariga alohida e’tibor qaratishni so‘raydi.

Shuningdek, banklar mijozlarning barcha transchegaraviy operatsiyalari ustidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga hamda xalqaro sanksiyalarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatishlari shart.


Avvalroq “Spot” sanksiyalarga qaramay, Rossiyaga milliardlab dollar va yevro olib kirilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mamlakatga dollar va yevro kupyuralari BAA va Turkiyadan olib kelingan, chunki ular Rossiyaga valyuta olib chiqishga cheklovlar qo‘ymagan.