Avvalroq Nukusda Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident tadbirkorlik uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Birinchi yo‘nalish kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirishga qaratilgan.
O‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingandi. Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorga jami 3,5 trln so‘m mikrokreditlar ajratildi.
“Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trln so‘mlik mikroqarzlar berildi. Bu tajriba yanada kengaytirilishi belgilandi.
Endilikda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
100 mln so‘mgacha mikrokredit bor-yo‘g‘i 9% tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, mikrokreditlar miqdori 3 barobarga oshirilib, 300 mln so‘mga yetkaziladi.
Bunda kreditning 100 mln so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trln so‘m beriladi.
Tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyati bor tadbirkorlarni aniqlaydi. Kompaniya kafilliklari yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlarga beriladi
Shuningdek, muloqotda o‘tgan yetti oyda 91ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgani qayd etildi. Yil yakunigacha bu raqam 12 trln so‘mga yetkaziladi.
Mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yildagi 1,6 trln so‘mga qo‘shimcha 1 trln so‘m resurs ajratiladi. Ustav kapitali kamida 50 mlrd so‘m bo‘lgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Avvalroq Qonunchilik palatasi bu bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70%i kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Mikromoliya tashkilotlari tomonidan tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatish va litsenziya asosida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Fuqarolarga beriladigan mikroqarzlar miqdori 2019-yilda 50 mln so‘mga oshirilgandi. 2023-yilning oktabrida Markaziy bank ularning miqdorini 100 mln so‘mga oshirish bo‘yicha qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Noyabrda esa prezident qarori bilan mikroqarzning eng yuqori miqdorini 100 mln so‘mgacha oshirish belgilandi. Joriy yilning fevralida esa ularning miqdori 100 mln so‘mga yetkazildi.