Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mamlakatning barcha hududlaridan 300ga yaqin tadbirkor va investorlar, xorijda biznesini yo‘lga qo‘ygan yana 40dan ziyod o‘zbekistonliklar, hududiy studiyalardan 3 mingga yaqin biznes vakillari qatnashmoqda.
“Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!”, — dedi prezident o‘z nutqida.
Prezidentdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman — barcha-barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘lgani qayd etildi.
Tadbirkorlar ko‘targan 700dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trln so‘m yo‘naltirildi.
“Eng muhimi — mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi”, deyiladi xabarda.
Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60% yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolardi. Hozir uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76%ni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.
Joriy yilda tadbirkorlar tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25%ga ko‘payib, 986 trln so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 mlrd so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 200tadan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p bo‘ldi.
Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trln so‘m foydaga chiqdi.
Bugungi kunda 100tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi.
Xususiy sektorda 5 mln so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 mlndan oshdi. Shundan 370 mingi 10 mln so‘mdan ziyod oylik oladi.
Bular tadbirkorlar “soyada” ishlashdan ko‘ra qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” — yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko‘paydi, yana 170 ming korxona “D” — eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari o‘tgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi.
Shu davrda yirik soliq to‘lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to‘layotgan soliqlar 40 foizga o‘sdi.