Avvalroq Nukusda Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Muloqotda iyul oyida quyosh panellarini ishlab chiqarishni boshlagan “Nukus Eleсtroapparat” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Sherzod Shukurov ishlab chiqaruvchilarga quyosh panellari uchun butlovchi qismlarga boj va QQSni bekor qilish taklifi bilan chiqdi.
“Hozirgi kunda tayyor quyosh panellarini olib kelish uchun hech qanday boj yo‘q, investor olib kirsa QQS ham yo‘q. Agar biz [ishlab chiqaruvchilar] butlovchi qismlar olib kelmoqchi bo‘lsak, unga boj ham bor, QQS ham. Bunda chet el mahsulotlari bilan raqobat qilish qiyin bo‘ladi”, — dedi Sherzod Shukurov.
Shavkat Mirziyoyev bu masala to‘g‘ri olib chiqilayotganini, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida bu noto‘g‘ri qaror ekanini qayd etdi.
Shundan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovga bir oy ichida tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish topshirildi.
“Nafaqat quyosh panellari, balki to‘qimachilik, qurilish materiallari, maishiy xizmat hamda oziq-ovqat mahsulotlari sohasida ham muammolar bo‘lishi mumkin. Bu kabi loyihalar bo‘yicha yana bir marotaba muhokama qilib, nima kerak bo‘lsa, to‘g‘irlanglar. Bu nomutanosib ahvol. Agar bu mahsulotlarga boj bo‘lsa, biz raqobatbardosh bo‘lolmaymiz, ishlab chiqaruvchilar raqobatlasha olmaydi”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Malayziyaning “Sunview Group” kompaniyasi Farg‘onada qiymayti $150 mlnlik quyosh elektr stansiyasini qurishi haqida xabar berilgandi. Stansiya quvvati 200 megavattni tashkil etib, buning uchun Sunview Group kompaniyasiga Farg‘ona tumanidan yer maydoni ajratilgan.