Avvalroq Nukusda Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda O‘zbekistonda band aholining 52%i xizmatlar sohasida ishlayotgani qayd etildi. Ishlab turgan korxonalarning 68%i ham xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi.
Lekin, sohada band bo‘lganlarning atigi 4%i yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan yo‘nalishda faoliyat yuritayapti. Shu bois, xizmatlarda birinchi navbatda IT-sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yetti yil oldin noldan boshlangan bu soha $1 mlrdlik eksport qilish salohiyatiga ega bo‘ldi, har bir hududda eksportga yo‘naltirilgan IT-parklar tashkil etildi.
Endi, barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy qilinadi. “IT Park"da sun’iy intellekt markazi ochiladi.
Bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun $50 mln ajratiladi.
Shuningdek, tadbirkorlikni dastlabki bosqichda — startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimi yaratiladi.
Joriy yil startaplarga ilk bor $134 mln investitsiya kirib keldi. Sohada faoliyatini noldan boshlab, aylanmasini $10 mlndan oshirgan 50dan ziyod mahalliy kompaniya paydo bo‘ldi.
Startaplarni “oyoqqa turg‘azish” uchun venchur jamg‘armalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun “IT Park” huzurida $10 mlnlik jamg‘arma tashkil qiladi.
Shuningdek, startap xorijdan olib kelgan har $1 investitsiyasiga davlat ham $1 resurs beradi.
Startap ishlanmalarini patentlash va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xarajatlarni davlat qoplab beradi. Bu sohaga $50 mln yo‘naltiriladi.
Avvalroq “RISE Research” agentligi O‘zbekistonda venchur investitsiyalarning yillik hajmi $6 mlndan oshganini qayd etgandi.