Yevropa Ittifoqi Xitoyda ishlab chiqarilgan “Tesla” elektromobillari uchun tariflar to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu haqda “The Bell” nashri xabar berdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, u 9% bo‘lishi mumkin, ammo rasmiylar oktabr oyi oxirigacha bozor ishtirokchilari bilan maslahatlashishni davom ettiradilar.

Qayd etilishicha, bu vaqtga kelib Yevrokomissiya Xitoyning elektromobillar ishlab chiqarish uchun subsidiyalari bo‘yicha tekshiruvni yakunlaydi.

Xitoyning uchta ishlab chiqaruvchisi — “SAIC” (MG elektromobilini ishlab chiqaradi), “Geely” (Volvo) va “BYD” uchun bojlar biroz pasaygan: mos ravishda 36,3%, 19,3% va 17% gacha.

Tergovda Yevrokomissiya bilan hamkorlik qilgan Xitoyning qolgan elektr avtomobil ishlab chiqaruvchilari endi 21,3% bojga tortiladi.

Tashkilot bilan hamkorlik qilmagan kompaniyalar qo‘shimcha 36,3% to‘lovni to‘lashlari kerak.

“„Tesla“ uchun 9% tarif nisbatan yaxshi yangilik, chunki bu boshqalar duch kelgan stavkalardan past”, deb yozadi “Bloomberg”.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, “Tesla"ning asosiy afzalligi elektr transport vositalarini arzonroq batareyalar bilan jihozlash edi.

Dastlabki bojlar 5-iyuldan kuchga kirdi va agar Yevropa Ittifoqi va Xitoy muqobil kelishuvga rozi bo‘lmasa yoki blokning aksariyat mamlakatlari bojlar to‘g‘risidagi qarorni bloklamasa, ularning hajmi noyabr oyida aniq belgilanadi.

Hozircha faqat bir nechta davlatlar, jumladan Germaniya va Vengriya qarshi chiqdi.


Avvalroq “Spot” “Tesla” robotaxi taqdimotini 2024-yilning oktabriga qoldirgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya ko‘proq prototiplar va mashinaning alohida elementlarini qayta yaratish uchun taqdimotni keyinroqqa qoldirgan.