O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha birinchi kun natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Talabalar o‘qishini xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha 19-avgust kuni test sinovi o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan talabgorlar o‘z natijalarini my.uzbmb.uz saytidagi “O‘qishni ko‘chirish (xorijiy va nodavlat) Natija” bo‘limidan bilishlari mumkin.

Buning uchun talabgor pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishi kerak.

Mutaxassislik fanlaridan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan talabgorlarning natijalari OTMlar tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari Bilimni baholash agentligiga taqdim etilgandan so‘ng e’lon qilinadi.

Xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19−20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.