Prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mamlakatning yetti oylik eksporti 13%ga o‘sib, $10 mlrddan oshdi, avval eksport qilmagan 1 610ta korxona tashqi bozorlarga chiqdi. Mahalliy korxonalarning tashqi bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi ta’kidlandi.
Xususan, Jahon savdo tashkilotiga 2026-yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yilmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.
“Ushbu tashkilotga kirish — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, „korxonalar sinadi, import bosib ketadi“ degan xavotir bilan yuribdi. Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari, sharoit va rivojlanish darajasiga qarab, tashkilot a’zolari bilan muloqot olib borilayotganini, muzokaralar o‘tkazilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Braziliya kabi 17ta a’zo davlatlar bilan kelishuvga erishgan.
Shuningdek, prezident proteksionizmdan teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosatiga o‘tish kerakligini ta’kidladi.
“Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi”, — dedi prezident.
Bundan tashqari, qo‘shni mamlakatlarning yillik importi $90 mlrd bo‘lgani bilan O‘zbekistonning undagi ulushi atigi 4% ekani, yoki MDHdagi $500 mlrdlik importda 2%ga ham bormasligini qayd etildi.
Bu borada ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiya tarmog‘ida eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Korporativ xaridlarda ishlab chiqarish uchun olinadigan mahsulotlarga ham narx ustuvorligi bekor qilinishi qayd etildi. Bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo‘lmasligi, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi ta’kidlandi.
Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to‘lov yoki cheklovlardan xalos qilishini qayd etdi. Masalan, pestitsidlar nazorati yo‘lga qo‘yilmas ekan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha $10 mlrdga yetkazish bo‘yicha belgilagan marralarga erishib bo‘lmaydi.
Shu bois, bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo‘yiladi.
Iyun oyida prezidentning JST bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani bilan uchrashuvida davlat rahbari tashkilot bilan savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etishni taklif qilgandi.