“ArzonApteka” startapi yaratuvchisi — “FOM Group” kompaniyasi O‘zbekiston bozordagi mahsulot qatorini rivojlantirish va mavqeini mustahkamlash uchun investitsiyalarning ikkinchi bosqichida $6 mln jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Investorlar “Payme” to‘lov xizmati asoschisi Sarvar Ro‘zmatov, shuningdek, qiymati $2 mlrddan ortiq bo‘lgan kompaniyalarni yaratgan yevropalik tadbirkorlar guruhi hisoblanadi.
Sarmoyalar kompaniyani rivojlantirish, “ArzonApteka” xizmati va boshqa mahsulotlarni takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston hududlarida kengayishga yo‘naltiriladi.
“Biz 6 kishidan va bir necha ming foydalanuvchidan iborat kichik jamoadan butun O‘zbekiston bo‘ylab ko‘p millionlik auditoriyaga ega startapga aylandik. […] Bizning maqsadimiz dori vositalarini O‘zbekistonning barcha hududlari va har bir oilasi uchun qulay yetkazishdir”, — dedi “FOM Group” hammuassisi Dan Komilov.
ArzonApteka — O‘zbekiston aholisi uchun dorilarni qidirish xizmati. Foydalanuvchilar u orqali kerakli dori-darmonlarni topishi, narxlarni taqqoslashi, eng yaqin dorixonani topishi mumkin.
Avvalroq “Spot” “TBC Bank Uzbekistan” $38 mlndan ortiq kapital sarmoya jalb qilgani haqida yozgandi.
Qo‘shimcha kapital hisobidan bank yangi mahsulotlar yaratib, mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritadi. Shuningdek, sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etadi.