O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimlari operatorlari hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Bishkek meriyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Endi Qirg‘iziston aholisi O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat haqini “Tulpar” kartalaridan, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekdagi sayohatlari uchun “ATTO” kartalari orqali to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ishlab chiquvchilar allaqachon tizim integratsiyasiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladilar.
Joriy yilning fevral oyidan boshlab shaharlararo elektr poyezdlari yo‘lovchilari uchun “ATTO” kartalari bilan to‘lov yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda mazkur imkoniyat Toshkent-Xojikent poyezdida ishga tushirilgan. Yaqin kelajakda tizim Bekobod, Xovos va Angren yo‘nalishidagi elektropoyezdlarda ham yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
May oyida Toshkent shahrida barcha transport kartalari savdo nuqtalari faoliyatini to‘xtatdi. Endilikda transport kartalarini xarid qilish va to‘ldirish “UzPost” filiallarida amalga oshirilmoqda, bu yerda 1 kundan 365 kungacha bo‘lgan tarifga ham murojaat qilish mumkin.
Avvalroq “Spot” 10-iyundan Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanishi haqida yozgandi.
Chipta narxi 300 ming so‘m bo‘lgan avtobuslar qatnovi oyning juft kunlarida amalga oshiriladi.