Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga ko‘ra, joriy yilda aholi tomonidan 21,2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi iste’moli rejalashtirilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik elektr energiyasi iste’molining bazabiy normasi Armaniston, Ozarbayjon hamda Turkiya kabi mamlakatlarda ham qo‘llanilishini qayd etdi. Tojikiston va Qirg‘izistonda tariflarning arzonligi gidroelektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarilishi bilan izohlanadi.
Elektr energiyasi bazaviy me’yorlari (200 kVt/soat) belgilanganidan so‘ng elektr energiyasi iste’molida quyidagilar aniqlandi:
- aprel-iyul oylarida abonentlar soni 21,3 ming nafarga oshib, 31-iyul holatiga 7 836 ming nafarga yetdi;
- iyun oyida jami elektr energiyasi iste’moli 1,1 mlrd kVt/soatni, iyul oyida 7%ga o‘sib 1,2 mlrd kVt/soatni tashkil etdi;
- bazaviy me’yor doirasidagi abonentlar soni 5,5 mln nafardan 5,4 mln nafarga — 71%dan 69%ga pasaydi;
- bazaviy me’yorga kiruvchi iste’molchilarning elektr energiyasi hajmi 40%dan 36% kamaydi.
Iyul oyida iste’moli 10 ming kVt/soatdan ortiq iste’molchilar tomonidan 3,96 mln kVt/soatga teng elektr energiyasi iste’mol qilindi.
O‘suvchi koeffitsentlar qo‘llanilishi natijasida o‘tgan oyda bazaviy normagacha energiya iste’moli 72,65 mln kVt/soatga, iste’molchilar soni esa 8%ga oshgan. Qolgan toifalarda pasayish kuzatildi:
- 201−1000 kVt/soatgacha — kamayish 214,4 mln kVt/soatga (iste'molchilar soni -7%ga);
- 1001−5000 kVt/soatgacha — kamayish 66,2 mln kVt/soatga (-0,74%)
- 5001−10 000 kVt/soatgacha — kamayish 2,14 mln kVt/soatga (-0,005%)
- 10 000 kVt/soatdan yuqori — kamayish 10,03 mln kVt/soatga (iste'molchilar soni 5 barobarga).
“Kelib tushayotgan qo‘shimcha tushumlar salmog‘idan kelib chiqib, joriy yilning ikkinchi yarmi uchun subsidiyaga zarurat kam bo‘lishi yoki batamom bo‘lmasligi prognoz qilinmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlaridan olinayotgan grant mablag‘lari hisobidan 20 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tekinga quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Oshib boruvchi tariflar qo‘llanilishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasi tejamkorligi oshdi. Natijada tizimga yuklamalar, aholining elektr energiyasidan uzilishlari va avariyalar soni ham kamaymoqda.
O‘tgan yil yoz mavsumining iyun-avgust oylarida yagona energetika tizimida jami 375 mln kVt/soat majburiy cheklov kiritilgan bo‘lsa, joriy yilning iyun-avgust oylarida cheklovlarsiz elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Bunda elektr qurilmalarni o‘ta yuklama bilan ishlashini oldini olish maqsadida, Toshkent shahrining ayrim hududlarida qisqa muddatga o‘chirilgan, avariyaviy holatlar va dasturlar asosidagi rejali ta’mirlash ishlari mustasno ekani qayd etildi.
Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimini hamda uning mobil ilovasini ishga tushirgandi.