“Microsoft” Rossiya kompaniyalarining ba’zi bulutli obunalarga kirishini cheklaydi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” va “habr” nashrlari “Softline” kompaniyasiga tayanib

Cheklovlar Rossiyada korxona va CSP litsenziyalari bilan ro‘yxatdan o‘tgan barcha yuridik shaxslarga taalluqlidir.

“Softline” tomonidan olingan axborot byulleteniga ko‘ra, istisno faqat rossiyalik bo‘lmagan yuridik shaxslarga tegishli yoki ularga tegishli bo‘lgan transmilliy kompaniyalar (MNC) uchun amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, hozircha “Microsoft 365” va “Office 365” xizmat paketlari haqida gap bormoqda, ammo mahsulotlarning aniq ro‘yxati yo‘q.

“Softline” korporatsiyadan obunalar ro‘yxatini ham, boshqa tushuntirishlarni ham so‘radi: bulutdagi ma’lumotlarga kirish qachon o‘chirib qo‘yiladi, LSP va CSP shartnomalariga cheklovlar qo‘llaniladimi, shuningdek MNC maqomini tasdiqlash uchun qanday hujjatlardan foydalanish mumkin.

2022-yil mart oyida “Microsoft” AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalari tufayli Rossiyada mahsulot va xizmatlarni sotishni to‘xtatdi. 2023-yil sentabr oyi oxiridan boshlab u Rossiya kompaniyalari uchun litsenziyalarni uzaytirishni to‘xtatdi.

2024-yilning 15-martida “RBC” “Microsoft"ning axborot byulleteniga tayanib, korporatsiya 2024-yil 20-martdan boshlab Rossiyadan yuridik shaxslarga bulutli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yopishini yozdi.

18-mart kuni “Softline” kompaniyasi “Microsoft” cheklovlarni joriy etishni kechiktirish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar berdi.


Avvalroq “Spot” “Microsoft” matndan tasvirlar yaratish uchun “Designer” ilovasini taqdim etgani haqida yozgandi.

Ilovaning veb-versiyasi 80dan ortiq tillarni qo‘llab-quvvatlaydi va jarayonni osonlashtirish uchun tezkor andozalar taqdim etiladi.