Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslarni bir joyga jamladi.


Faktoring faoliyati tashkil etiladi

Ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3−4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda.

Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayotganiga qaramay, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.

Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda $10 mlrdlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatmoqda. Endi bank bo‘lmagan yangi institut — faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushiriladi. Bunda tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlashi mumkin bo‘ladi.

Faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trln so‘m, eksportchi korxonalarga $1 mlrd qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘ladi.


Auksiondan yer sotib olganda QQS hisoblanmaydi

Yer bozori shakllanishi ta’sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayotgani qayd etildi. Tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilgandan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablag‘i yetmay qolmoqda.

Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bekor qilinadi.

Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol to‘lov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.

Shuningdek, yirik loyihalarda yer qiymatini tadbirkor ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritishi mumkin bo‘ladi. Tadbirkor istagan paytda bu ulushni o‘zi sotib olishi mumkin. Bu orqali shu yilning o‘zida tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion so‘m qoladi.


Yangi yerlarni ajratish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

Qanchadan-qancha tadbirkorlar yeri yo‘qligi uchun yangi loyiha qila olmayotgani qayd etildi. Aksincha, “auksiondan sotib oldim, endi meni mulkim” deb, yerni qarovsiz tashlab qo‘ygan “uddaburonlar” ham ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Yer — eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak”, — dedi prezident.

Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha bo‘lgan muddatlar majburiy ko‘rsatiladi. Bunda qurilish davriga yer solig‘i bo‘yicha 50% imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari).

Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan o‘tkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida bo‘lmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.


Yer uchastkalari yagona klassifikatori joriy etiladi

Qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga o‘zgartirish tartibi aniq belgilanmagan.

Masalan, bog‘ o‘rnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki, tadbirkor o‘z bog‘ida tomchilatib sug‘orish uchun hovuz, kichik sig‘imli saralash va saqlash omborini qura olmaydi.

Shu bois, har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi.

Buning uchun, 1-yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shuning hisobiga tadbirkorlar bir yilda o‘z yeriga 800 mlrd so‘mlik investitsiya kiritadi.

Shuningdek, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilik sohalari, meva-sabzavotni qayta ishlovchilarga ular joylashgan bino-inshootlar ostidagi yerlar uchun sanoat toifasi stavkasida yer solig‘i hisoblanayapti. Klassifikator orqali ular ham qishloq xo‘jaligi yerlari kabi soliq to‘lashga o‘tadi.


Davlat xaridida mahalliy mahsulot ulushini oshirish rag‘batlantiriladi

Kelgusi yilgi davlat investitsiya dasturidagi har bir loyiha bo‘yicha mahalliy mahsulotlar ulushi qancha bo‘lishi aniq belgilanadi. Davlat xaridida endi mahalliy mahsulot ulushini oshirish rag‘batlantiriladi.

Jumladan, energetika, neftgaz, kimyo, metallurgiya, temir yo‘l kabi tarmoqlardagi yirik korxonalar 2−3 yillik buyurtmalarini kooperatsiya portaliga oldindan joylashtiradi.

Mahalliy korxonalar esa bu buyurtmalar asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ularning loyihalariga dastlabki bosqichda $100 mln yo‘naltiriladi.


Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi xususiy sektorga beriladi

Energetika sohasi isloh qilinishi orqali $3,5 mlrdlik xususiy sheriklik loyihalari ishga tushdi va yana $31,5 mlrdlik 50ta loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Hududiy elektr tarmoqlarining boshqaruvini xususiy sektorga berishda amaliy bosqich boshlanadi.

Xususan, oktabrda Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlariga xususiy operator jalb qilish bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Kelgusi yil Jizzax va Sirdaryoda ham xuddi shunday ishlar amalga oshiriladi.


300ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif etiladi

Yer osti boyliklarini o‘zlashtirishga tadbirkorlarni keng jalb etib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yilning o‘zidayoq 150tadan ortiq kon va maydonlar tadbirkorlarga sotildi. Yil yakunigacha yana 300ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Qurilishda qum-shag‘alga ehtiyojni qoplash maqsadida 110 mln kub metr zaxirali 172ta kon ham tadbirkorlik uchun ajratiladi.


3 mingta mahalliy mutaxassis malakasi oshiriladi

Mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar bor ekanligi qayd etildi. Energetika sohasida 36 mlrdlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bu kabi obyektlardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortayapti. Kimyo, metallurgiya korxonalari, nasos stansiyalari va GESlar, to‘qimachilik va tibbiyotda ham bunday xizmatlarga talab katta.

Shu bois, bir yil ichida 3 mingta mahalliy mutaxassis Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Turkiyadagi ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga malaka oshirishga yuboriladi. Ularning xarajatlarini davlat qoplab beradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.


“Shaffof qurilish” tizimini tadbirkorlar yuritadi

So‘nggi ikki yilda bozorga kirishdagi 13ta eksklyuziv huquq bekor qilingandi. Yaqinda yana 7tasi bekor bo‘ladi. Bu orqali 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyati yaratiladi.

Mehmonxona faoliyatini sertifikatlash bilan akkreditatsiyasi bor barcha korxonalar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Qurilish vazirligidagi “Shaffof qurilish” tizimi orqali tender savdolari uchun hujjatlarni faqat vazirlik qoshidagi konsalting markazlari tayyorlab bermoqda.

1-oktabrdan xuddi Tadbirkorlik reytingi kabi “Shaffof qurilish” tizimini tadbirkorlarni o‘zi yuritadi. Konsalting markazlari funksiyalari to‘liq xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Prezident tadbirkorlar taklif bersa, davlat idoralari ko‘rsatayotgan boshqa xizmatlarni ham xususiy sektorga berishga tayyorligini bildirdi.


Aholi hayotiga xavf soluvchi mezonlar reyestri

Tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘ladigan qonun buzilish holatlari darajasi belgilanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.

Shu bois, 1-noyabrgacha aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi.

Prezident reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

Tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligi ta’kidlandi. Masalan, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, degan jinoyat turi bor. Bunda tadbirkor to‘lamagan soliq 100 mln so‘mdan oshsa, jinoyatchi bo‘lib qolmoqda.

Soliq to‘lamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘ladigan miqdorni 2 baravargacha oshirish taklif qilindi.


Garovdagi mulkni savdosi

Kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi. Lekin, amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha ko‘proq.

Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qo‘yilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi.

“To‘g‘ri, muammoli kredit bilan qattiq shug‘ullanish kerak, lekin bu tadbirkorni „tugatish“ hisobidan bo‘lmasligi zarur”, — dedi davlat rahbari.

Garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadigan, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15%idan kam bo‘lsa undiruv mulkka qaratilmaydigan tizim yaratiladi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.

Ko‘chmas mulk buzilishi bo‘yicha kompensatsiya to‘lashda haligacha muammolar borligi qayd etildi.

Bu xarajatlar viloyat budjeti hisobidan qoplanayotganiga qaramay, ayrim viloyatlar budjetida mablag‘ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5−6 yilga cho‘zilib ketmoqda.

Endilikda yer savdosidan tushgan mablag‘lar avvalo buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratiladi.