Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

2023-yilning may oyida prezident tomonidan Toshkent shahri uchun alohida propiska tizimini bekor qilishni nazarda tutuvchi farmon qabul qilingandi. Yuqoridagi qonun loyihasi mamlakatda doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi qonun sababli fuqarolarni poytaxt va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.

Mazkur qonun bekor qilinib, mamlakat bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, vaqtincha turgan joy asosida ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, mamlakat bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi.

Bundan tashqari, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish taklif etilmoqda.

Jumladan, 18 yoshgacha bo‘lgan, 60 yoshdan oshgan yoki to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, jazoni o‘tab chiqqan, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar natijasida jabrlangan shaxslar endilikda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan to‘liq ozod etiladi.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakat fuqarolari va mehmonlarini ro‘yxatga olish tartibini yagona yondashuv asosida isloh qilishga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlari himoyasini ta’minlashga hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi choralarini maqbullashtirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.