O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini hosil qilish, uni saqlash va uzatishni amalga oshirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2025-yildan O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) joriy etiladi va undan mamlakatning aniq vaqti sifatida foydalaniladi.
Vaqt xizmatining faoliyatini tashkil etishga Texnik jihatdan tartibga solish agentligining “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” mas’ul bo‘ladi. Institut Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etib, milliy vaqt shkalasini hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.
Agentlik ikki oy ichida Metrologiya instituti tarkibida yuridik shaxs tashkil etmasdan vaqt va chastota xizmatini, shuningdek, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizomni tasdiqlaishi kerak. Bunga “O‘zbektelekom” kompaniyasi jalb qilinadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining aniq vaqtni xizmatdan olish hamda uni davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatishni DXSh asosida amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.
Davlat-xususiy sheriklik bitimiga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqt pulli xizmat asosida uzatiladi. Bitimning amal qilish muddati — 5 yil.
Bunda kelib tushgan mablag‘ning 90%i xususiy sherikka, qolgan qismi esa davlat sherigi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Metrologiya instituti vaqt va chastota sohasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlaydi, O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC (UZ) hosil qilish, saqlash va xususiy sherikka uzatishni amalga oshiradi. “O‘zbektelekom” davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqtni uzatadi.
Aniq vaqtni muntazam translyatsiya qilib boruvchi veb-sayt va mobil ilova ishga tushiriladi. Ikki oy muddatda aniq vaqt signallarini qabul qiluvchi abonentlar ro‘yxati shakllantiriladi. Zaruratga qarab, bu ro‘yxat har yili kamida bir marta yangilab borilishi mumkin.
Avvalroq Toshkent uchun alohida propiska bekor qilinishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Deputatlar poytaxt va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini nazarda tutuvchi qonunni bekor qilishni ko‘rib chiqmoqda.