Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” kompaniyalari faoliyatini o‘rganib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbout xizmati xabar berdi.
Natijada “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning Farg‘ona filiali tomonidan temir yo‘l vokzali bo‘ylab 2023-yil davomida ortiqcha haq undirilgani aniqlandi. Bunda 606 380ta sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 660 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingan.
O‘z navbatida, “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” korxonasining Farg‘ona filiali ham temir yo‘l stansiyalarida joriy yil boshidan 24-iyul kunigacha 185 806ta sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 560 mln so‘mga yaqin ortiqcha haq undirgan.
Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ikkita korxonaga shaharlararo va shahar atrofida yo‘lovchi tashish bo‘yicha Farg‘ona filiali tomonidan ortiqcha undirilgan 1,3 mlrd so‘mga yaqin to‘lovlarni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi qayd etildi.
Avvalroq yo‘lovchi poyezdlarda konditsioner tizimi ishlamayotganligi haqida xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lgandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” buni anomal issiq havo harorati tufayli kuzatilgan nosozliklar bilan izohladi. Shundan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi holatni nazoratiga oldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan kupe tipidagi vagonlarning havo sovutish tizimi uchun to‘lov undirilmasdan chipta narxidan chegirib qolina boshlandi.
Prezidentyo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolarni qayd etib, 143ta vagon ta’mirtalab, 59ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lganini ma’lum qilgandi.