O‘zbekistonda Britaniyaning “Vodafone” kompaniyasi bilan yangi mobil operator tashkil etiladi. Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida “InfinBank” aksiyadori hamda “UzTex Group” to‘qimachilik kompaniyasi ta’sischisi Farhod Mamatjonov ma’lum qildi.
Tadbirkor o‘z nutqida kompaniya yangi sohaga qo‘l urganini, davlat rahbarining raqamlashtirish borasidagi so‘zlarini qayd etgan holda, Britaniya kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
“Yashin tezligida ishlarni amalga oshirish uchun bizga yashin tezligida internet kerak. Biz dunyoning nufuzli kompaniyalaridan biri — Buyuk Britaniyaning „Vodafone“ kompaniyasi bilan O‘zbekistonda „5G Stand Alone“ (SA) mobil aloqasini ishga tushirish bo‘yicha ishlarni boshladik”, — dedi Farhod Mamatjonov.
Mamatjonov “Perfectum” uyali aloqa operatori xususiylashtirilganini, bu jarayonda “5G Stand Alone” mobil operatori bo‘yicha ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bank ichida o‘rganilganda, quyi bo‘g‘inga, xususiy tadbirkorga yetib borishi uchun raqamlashtirish, internet kerakligi ma’lum bo‘lgan.
“Buning uchun „Uzcard“ kompaniyasi bilan hamkorlikda shu narsaning tagiga yetib borganimizdan keyin inqilobiy rejaga qo‘l urdik — „Vodafone“ kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, loyiha yangi yilda [2025] ishga tushadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroni tashkil etadi”, — dedi u.
Loyihada Finlyandiyaning “Nokia” kompaniyasi uskuna va texnologiyalarni yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etadi.
Mamatjonovning qayd etishicha, buning uchun “O‘zsanoatqurilishbank” orqali Finlyandiya eksport agentligidan 100 mln yevro miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb qilingan.
Qolgan 150 mln yevro esa ta’sischilar tomonidan jalb qilinadi. Buning natijasida milliy uyali aloqa operatorini tashkil etish rejalashtirilgan.
“Hozirda kompaniyalarimiz $700 mln investitsiya kiritgan, bizning maqsadimiz — $1 mlrd sarmoya kiritish. Kelgusi yilning birinchi choragida „Vodafone“ kompaniyasini tashkil etib, 1000 nafar xodimni ish bilan ta’minlaymiz”, — deya xulosa qildi tadbirkor.
Mamatjonov yangi bozorga kirishdan oldin “Vodafone” kompaniyasi mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarni tahlil qilganini ta’kidladi.
Joriy yilning mart oyida “Perfectum” uyali aloqa operatori yangi egasiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Operatorning yuridik shaxsi — “Rubicon Wireless Communication” MChJ hozirda 100% tadbirkor Abdumalik Validjanovich Iminovga tegishli. Kompaniya rahbari — Dmitry Shukov.
“Perfectum” aksiyalarini sotish haqidagi xabarlar ochiq manbalarda keltirilmagan. “Spot” Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bu bo‘yicha so‘rov yubordi.
2023-yilning oktabrida “Perfectum” 5G tarmog‘ini ishga tushirdi. Kompaniya yangi 5G New Radio texnologiyasiga asoslangan biznes transformatsiyasini boshlash uchun Respublika radiochastotalar kengashi tomonidan chastota resursi ajratildi.
Iyun oyida “Perfectum” va “e& Group” o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzildi. Uning doirasida “e&” 5G Standalone New Radio texnologiyasiga asoslangan yangi “Perfectum” infratuzilmasini yaratishda yordam beradi.