Qoraqalpog‘iston raqobat qo‘mitasi “Amudaryotex” korxonasiga nisbatan qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlarini o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Korxonaning birinchi yarim yillikka oid faoliyati o‘rganilganda, texnik chigit, paxta tolasi va momiq mahsulotlarini tasdiqlangan jadval asosida birja savdolariga qo‘ymasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotgani aniqlandi.
Natijada, “Amudaryotex” tomonidan yanvar-iyun oylarida 900 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘lar olingani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi talablarini buzish alomatlari bilan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Shuningdek, natijasi bo‘yicha belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Amudaryotex” kompaniyasi 2010-yilda tashkil etilgan. Paxta tolasidan kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 59 mlrd so‘m bo‘lgan korxonaning yagona ta’sischisi “Textile Technologies Group Ltd” hisoblanadi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning Farg‘onadagi tuzilmalarini chiptalar narxini oshirib yuborgani uchun jarimaga tortgandi.