Toshkent shahrining Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mahalliy hokimlik matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
21-avgust kuni tuman hokimi Elbek Shukurov tadbirkorlarni loyiha taqdimoti bilan tanishtirdi. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.
“Yandex” xaritasining konstruktoriga ko‘ra, “gastronomik” ko‘chaning uzunligi 1,2 kmni tashkil etib, uning asosiy qismi Jaloyir ko‘chasida bo‘ladi.
Qizil chiziqlar bilan belgilangan hududda yengil konstruksiyalardan qurilgan kafe va restoranlar hamda “fudtrak"lar o‘rnatiladi. Hokimlikning qayd etishicha, qurilish muddati taxminan ikki oyni qamrab oladi.
Mazkur ko‘chada transport harakati bir tomonlama amalga oshirilib, bepul avtoturargohlar tashkil etadi. Shuningdek, gastronomik ko‘chaning yon tomonlarida joylashuvchi ikkita velosiped yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mahalliy “SAD” arxitektura va dizayn studiyasi tomonidan tayyorlangan loyiha renderlariga ko‘ra, ko‘chada jamoat joylari, jumladan, o‘yin maydonchasi, o‘tiradigan o‘rindiq va hovuz bo‘ladi.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi.Yo‘l bir qatorga qisqartirilib, bu yerda bepul avtoturargoh tashkil etiladi. Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Najmiddinovning aytishicha, ko‘cha har kuni soat 20:00dan avtomobillar uchun yopilib, piyodalarga beriladi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.