“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i “Reklama to‘g‘risida"gi qonunni buzganlikda aybini tan oldi. Bu haqdagi ma’lumotni riteyler matbuot xizmati “Spot”ga tasdiqladi.
Chakana sotuvchi Raqobat qo‘mitasining izohlarini inobatga olgan holda “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” dasturining ommaviy taklifi hamda aloqa materiallariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.
Kompaniya jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan. Reklama to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, nomaqbul reklama uchun BHMning 70 barobari (23,8 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.
“Ko‘p sonli aloqa materiallarini tahrirlash va qayta nashr etish ko‘p vaqt va resurslarni talab qilishini hisobga olib, „Korzinka“ Raqobat qo‘mitasidan ko‘rsatmalarni amalga oshirish uchun muddatni uzaytirishni so‘radi. Qo‘mita so‘rovni qabul qilib, qanoatlantirdi va muddatni 16-oktabrgacha uzaytirishga qaror qildi”, — deya kompaniya pozitsiyasidan iqtibos keltiradi “Gazeta.uz” nashri.
Raqobat qo‘mitasining “Spot"ga ma’lum qilishicha, “Korzinka”ga sana ko‘rsatilmagan holda ko‘rsatmalarni bajarish uchun muddat berilgan.
“Eng arzon narx”
15-iyul kuni Raqobat qo‘mita “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bunda aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagilardan farq qilmasligi aniqlandi.
Undan keyin “Korzinka” bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga bayonot berdi. U astur kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi ekanligini, kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilganini qayd etdi.
17-iyulga kelib, qo‘mita “Anglesey Food"ni aybdor deb topib, jarima undirish uchun sudga da’vo kiritilishini bildirdi. Supermarketlar tarmog‘i bir oy ichida “Reklama to‘g‘risida"gi qonun buzilishlarini bartaraf etishi kerak edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Korzinka” matbuot xizmati Maxsus komissiyasi qarori va ko‘rsatmalar kompaniyaga taqdim etilmaganini ma’lum qildi. Raqobat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmanov qaror ishni ko‘rib chiqish tugallangach, majlis o‘tkazilgan sanada darhol e’lon qilinishini yozdi.
“Korzinka” asoschisi Zafar Hoshimov “Kundalik xaridlar uchun eng past narx” dasturi haqida tushuntirish berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kompaniya tomonidan talabga ega bo‘lgan tovarlarni bozor narxidan past narxlarda sotish uchun ixtiyoriy ravishda qabul qilingan doimiy narx siyosatidir.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, dasturdagi ba’zi mahsulotlarning narxi boshqa sotuvchilarning takliflari bilan mos kelib qolishi mumkin. Shaffoflik uchun kompaniya o‘z veb-saytida dasturga kiritilgan mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qiladi, shunda har kim narxlarni solishtirishlari mumkin.