Qirg‘izistonda 10 dan ortiq bank ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqib, Rossiya banklariga pul o‘tkazmalarini (ikkala yo‘nalishda) amalga oshirishga tayyor emas, deya ma’lum qildi mahalliy “24.kg” portali.
Ba’zi pul o‘tkazmalari tizimlari — “Zolotaya Korona”, “Astrasend”, “Western Union”, “Unistream”, “Ria” va “Pluspay” orqali pul yuborish va qabul qilish hali ham mumkin.
Xususan, “Demir Bank” Rossiya banklari sanksiyalar ostida bo‘lganligi sababli ularga pul o‘tkazmalari amalga oshirilmasligini tushuntirdi.
Shu bilan birga, pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda pul o‘tkazmalari “Western Union”, “Moneygram” va “Zolotaya Korona” tizimlari orqali amalga oshiriladi.
“Finanskreditbank” “Sberbank”, “MTC Bank” va “T-Bank” (sobiq Tinkoff) kartalariga pul o‘tkazmalari xizmatlarini ko‘rsatmasligini aytdi.
“Keremet Bank” va “Mbank” ham 19−20-avgust kunlari Rossiya banklari orqali har ikki yo‘nalishda pul o‘tkazmalari noma’lum muddatga to‘xtatilganini e’lon qildi.
“Halyk Bank”, “KSB Commercial Bank” va “Optima Bank” ham G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli tranzaksiyalarni amalga oshirish mumkin emasligini qayd etdi.
“Bakai Bank” onlayn o‘tkazmalarning mavjud emasligini texnik sabablarga ko‘ra tushuntirdi. “24.kg” xabariga ko‘ra, Rossiya kartalariga o‘tkazmalarni “Bank Azia”, “Eldik Bank” (RSK Bank), “Qirg‘izkommersbank” va Qirg‘iziston investitsiya kredit banki (KICB) orqali ham amalga oshirib bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, Rossiya kartalariga, shu jumladan “Sberbank” va “T-Bank"ka o‘tkazmalar hali ham “Ayil bank”, “Companyon”, “Evrosiyo jamg‘arma bankida” (ESB) mavjud. Oxirgi bank orqali “MTC bank” kartalariga o‘tkazmalar ham mavjud.
Avvalroq “Spot” Qirg‘iziston Rossiyaning sanksiyadagi banklari bilan aloqalarni to‘xtatishi mumkinligi haqida yozgandi.
Mamlakat Milliy banki ikkilamchi sanksiyalar xavfini minimallashtirish uchun banklardan shoshilinch choralar ko‘rishni talab qildi.