Rossiyaning “S7 Airlines” aviakompaniyasi Farg‘onadan Novosibirskka muntazam yo‘lovchi qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Novosibirsk-Farg‘ona-Novosibirsk yo‘nalishida birinchi parvoz 2024-yil 19-sentabrga belgilangan.
Aviaqatnovlar “Airbus A320” rusumli samolyotlarda haftasiga bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda aviatashuvchi Toshkent, Samarqand va Urganch xalqaro aeroportlariga parvozlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
“S7 Airlines"ning shtab-kvartirasi Rossiyaning Novosibirsk shahrida joylashgan.
Kompaniya 26 mamlakatning 180 dan ortiq shaharlarini parvozlar orqali qamrab olgan Rossiyaning eng yirik xususiy aviatashuvchisi hisoblanadi.
Avvalroq “Spot” “Silk Avia” sentabrdan boshlab Buxoro va Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
Bir tomonga chipta narxi 308 ming so‘mdan boshlanadigan parvozlar haftada bir marta — har shanba kuni amalga oshiriladi.