Toshkent-Markaziy (Shimoliy) vokzalida temir yo‘l chiptalarini avtomatlashtirilgan terminal orqali xarid qilish imkoniyati yaratildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur terminal test rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, uning yordamida temiryo‘l kassalarida chiptalarni navbatlarsiz sotib olish mumkin.
Elektron qurilma orqali chipta rasmiylashtirishda yo‘nalish, vagon va o‘rindiqni, shuningdek, ketish vaqtini tanlash kerak.
Terminaldan yo‘lovchi poyezdlar jadvali haqida ma’lumot olish ham mumkin. “Qidiruv” tugmasini bosish bilan mavjud poyezdlar chiqib keladi.
Undan keyin yo‘lovchi haqidagi ma’lumotlar kirtilib, to‘lov kartalari orqali chiptani xarid qilish yakunlanadi.
Yaqin kunlarda elektron terminalni mamlakatning barcha temiryo‘l vokzallariga o‘rnatish rejalashtirilgan.
Undan qanday foydalanish bo‘yicha videoqo‘llanma bilan havola orqali tanishish mumkin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezd chiptalarini onlayn sotib olish imkoniyatini 2019-yilning avgust oyida ishga tushirgan. 2020-yilning mart oyidan boshlab elektron ro‘yxatdan o‘tish xalqaro reyslarga ham joriy qilindi.