Xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19−20-avgust kunlari o‘tkazilgandi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihon natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mutaxassislik fanlaridan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan talabgorlarning test sinovi natijalari kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari qo‘shilgan holda e’lon qilindi.

Talabgorlar o‘z natijalarini my.uzbmb.uz saytidagi “O‘qishni ko‘chirish (xorijiy va nodavlat) Natija” bo‘limidan bilib olishlari mumkin.

Buning uchun pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini tizimga kiritish kerak.

OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari 15-iyuldan boshlanib, arizalar 5-avgustga qadar qabul qilindi. Undan keyin tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida o‘tish ballari tasdiqlandi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.