Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yangi turizm ko‘chasi qurilishi boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi sayyohlik ko‘chasi Farhod va Lutfiy ko‘chalari oralig‘ida (Farhod bozori hududida) joylashgan bo‘lib, 1,6 km masofaga cho‘ziladi.
Loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihalashtiruvchi joriy yilning iyun oyida tugatilgan “Project Office” kompaniyasi bo‘lgan.
Bosh pudratchi — “Uzqurilish Bino”. Uning loyihalari qatorida Angren shahridagi 17-maktab qoshidagi sport stadionini ta’mirlash, Olmaliq shahar 80-son kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ta’mirlash hamda Nurafshon shahridagi kutubxona binosini rekonstruksiya qilish va kutubxona barpo etish kiradi.
Turizm ko‘chasi qurilishi hozirda kompaniya yutgan tenderlar qatoriga kiritilmagan.
Uchtepa tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jamshid Alimjanov mazkur turistik ko‘cha loyihasi Samarqandga qilgan safaridan so‘ng boshlanganini ta’kidladi.
2023-yilda Samarqandda O‘zbekistondagi ilk “turizm mahallasi” ochilib, hududda 15ta dam olish maskani qurildi. Toshkentda turizm ko‘chasi konsepsiyasi joriy yilning aprel oyidayoq amalga oshirilgan.
Shayxontohur tumanining “Gulbozor” mahallasida turizm ko‘chasi tashkil etildi. Ko‘cha boshida tarixiy darvoza qayta tiklanib, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik do‘konlari tashkil qilindi.
Bundan tashqari, poytaxtda to‘rtta yangi “gastronomik” ko‘chani tashkil etishlari davom etmoqda. Xususan, Sultonali Mashhadiy, Taras Shevchenko, Sodiq Azimov hamda Sergeli tumanidagi ko‘chalar “gastronomik” ko‘chaga aylantirilmoqda. Umuman, poytaxtning sakkizta tumanida hunarmandlar va gastronomik zonalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Yangi Toshkent” birinchi mavzesi qurilishining bosh rejasi hukumat tomonidan tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.