Vazirlar Mahkamasi Andijon viloyatida mebel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kichik sanoat klasterini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Hujjat bilan ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi viloyatning Oltinko‘l tumanidagi “Uyg‘ur” mahallasi hududida tashkil etiladi. Viloyat hokimligiga majmua uchun zaxiradan 16 gektar yer maydoni ajratib berish topshirildi.
Yaqin ikki oyda Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlar mutaxassislari ishtirokida sanoat zonasi konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Klasterga taniqli xorijiy mebel brendlarini jalb etish rejalashtirilgan.
Markaz hududida ishlab chiqarish sexlari (angarlar), ko‘rgazma pavilonlarini qurish, ochiq va yopiq savdo maydonlari, furnitura va butlovchi qismlar savdo markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mebel ishlab chiqarish uchun import o‘rnini bosuvchi xomashyo va materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda logistika markazi va mahalliy yetkazib beruvchilarning dilerlik ofislari ham ochiladi. Ishlab chiqaruvchilar mebel uchun armatura va ehtiyot qismlarni birinchi qo‘ldan sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida mebelchilikni drayverga aylantirish zarurligini ta’kidlagandi. Oltinko‘l tumanidagi mazkur “Mebelsozlik kompleksi"ni qurish va loyihalarga 50 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Yunusobodda joylashgan kichik sanoat zonasi renovatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Yangi sanoat hududida kovorking va biznes, marketing tadqiqotlari markazlari, mehmonxona, shuningdek, logistika markazi tashkil etiladi.