23-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda davlat rahbari kelgusi yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Idoralararo muloqot va almashinuvlar rejasini tayyorlashni taklif etdi.
Bundan tashqari, kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb e’lon qilish va 20ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi.
Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga o‘tish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
22-avgust kuni o‘tkazilgan biznes forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati $2 mlrddan ziyod loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu energetika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalaridir.
Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan ko‘p tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, yer usti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirish, raqamli yechimlarni joriy etishga kelishishdi.
2025-yilga mo‘ljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va axborot siyosati, sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar. Prezident ikki mamlakat yetakchi universitetlari rektorlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma media forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.
O‘zaro sayyohlar oqimini, gumanitar va biznes almashinuvlarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtlarda turizm va ishbilarmonlik majmualarini qurish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Joriy yilning may oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma onlayn tijorat platformasini yaratishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning qayd etishicha, bu ikki mamlakat biznes vakillari investitsiya loyihalarini boshlashda bir-birlarini topishga yordam beradi.