“Spot” tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.
Bu safargi materialda O‘zbekiston marketing assotsiatsiyasi asoschisi Diyor Mirzaahmedov bilan suhbatlashdik.
U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.
Intervyuning to‘liq qismi bu yerda:
Ish jarayonida doim smartfonimdan foydalanaman. Ish stolimda qalamlar, qog‘oz kesish uchun qaychi bor.
Shuningdek, hozirgi kunda o‘qiyotgan kitoblarim — Karl Syuellning “Bir umrlik mijozlar” va Fil Bardenning “Marketingni buzish”.
Yoz mavsumida konditsionersiz yashab bo‘lmaydi, shuning uchun stolimda konditsioner pulti doim mavjud. Albatta, stolimda kalkulyator ham turadi.
Katta monitorda ko‘p narsalarni ko‘rish uchun televizorning pulti, tashrif qog‘ozlarim va kerakli hujjatlarni qo‘yish uchun quti turadi.
Bundan tashqari, tadbirlarni olib borayotganda yoki o‘zimga kerakli qaydlarni yozish uchun xuddi planshetga o‘xshatib foydalanish mumkin bo‘lgan qog‘oz qo‘yadigan taglikdan foydalanaman.
Yoshligimizda “Diplomat” degan chemodanlar urf bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ko‘pchilik ryukzakdan foydalanadi.
Ryukzagimdagi narsalarga kelsak, ichida yondaftarim, Chip va Den Xizlarning “Yopishish uchun yaratilgan” kitobi bor.
Bu kitob marketing haqida bo‘lib, yirik loyihalar va startaplarni ommalashtirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, “ASUS” brendi noutbuki, uni planshet sifatida ham ishlatish mumkinligi menga juda yoqadi.
Hamyonimda esa shaxsiy hujjatlarim: ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, so‘mdagi va valyutadagi plastik kartalarim bor. Doim yonimda olib yuradigan “AirPods” quloqchinlarim ham bor.
Shu bilan birga, har xil zaryadlovchi qurilmalar, noutbuk sichqonchasi bor. Bundan tashqari avtomobilimning va uyimning kaliti ham bor.
Mana shu narsalarni o‘zim bilan olib yuraman va ish faoliyatim davomida kundalik foydalanaman.