Farg‘ona viloyatida atlas va adras matolari ishlab chiqarish sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Marg‘ilon shahridagi “Sh.I.D.” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli atlas va adras matolari ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan gaz qurilmalarini hisoblagichdan tashqari tabiiy gaz tarmog‘iga ulab olgani aniqlandi.

Buning natijasida 521 mln so‘mlik 200,3 ming kub metr tabiiy gaz o‘g‘irlangan.

Mazkur holat yuzasidan “Sh.I.D.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 169-moddasi, 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, yetkazilgan 521 mln so‘mlik zarar tergov harakatlari davomida to‘liq undirildi.


Avvalroq “Spot” Samarqandda ohak sexi 3,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida tadbirkor yashirin sex tashkil etib, tijorat maqsadida yuqori bosimli gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Natijada 2 mln 200 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.