Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Davlat rahbari tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etdi. Muzokaralar chog‘ida prezidentlar ko‘p qirrali munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini, jumladan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va madaniyat sohalarini muhokama qildilar.
Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Transport bog‘liqligini, shu jumladan Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi, shuningdek, Qo‘qon shahrida navbatdagi hududlar forumi o‘tkaziladi.
O‘tgan yilning noyabrida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazish loyihasini muhokama qilgandi.
Hamkorlikda Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Vengriya orqali o‘tadigan ko‘prik yaratish belgilangan. May oyida uchta mamlakat energetika vazirlari energiya tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash orqali mintaqada ishlab chiqarilgan yashil energiyani eksport qilish loyihasini dastlabki texnik-iqtisodiy asoslantirishning texnik shartlarini tasdiqladilar.
O‘zbekiston 2030-yilga borib Ozarbayjon orqali Yevropaga mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha “yashil energiya"ni eksport qilishni rejalashtirmoqda. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning qayd etishicha, mamlakat Yevropaga va Qora dengiz tubi bo‘ylab Ruminiya va Vengriyaga 5 GVtgacha yashil energiya yetkazib bermoqchi.
Bundan tashqari, mamlakatlar Yevropaga yashil energiya eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona yaratishga kelishib oldilar, uning vakolatxonasi Bokuda joylashgan.