Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
Tadbirda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Socar”, Sofaz", “Agalarov Development”, “Silk Way Group”, “Matanat”, “AzerGold”, Ozarbayjon investitsiya xoldingi, “Ozarbayjon temir yo‘llari” hamda “Alyat” EIZ kabi kompaniyalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston prezidenti ishbilarmonlarni tabriklab, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdagi o‘rnini qayd etdi. Muzokaralar yakunida mamlakatlarda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, birgalikda tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlandi.
Prezident avvalroq e’lon qilingan Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishda aynan biznes asosiy drayver bo‘lishi va hal qiluvchi rol o‘ynashi kerakligini alohida ta’kidladi.
“Biz hurmatli Ilhom Haydarovich bilan bir fikrdamiz: hamkorlik kelajagi biznesga bog‘liq, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning ertangi kuni sizlarga bog‘liq”, — deya xulosa qildi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari tadbirkorlarning samarali va qulay faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. Ikki mamlakat kompaniyalari rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha rejalari haqida ma’lumot berdi. Davlat rahbarlari ularni ishga tushirishda ishtirok etishdi.
Bular qatorida Toshkent shahrida mehmonxona va turar joy majmualarini barpo etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallarini ishlab chiqarish, Ozarbayjonda to‘qimachilik klasterlari hamda tikuvchilik fabrikasini tashkil etish kabi loyihalar bor.
Xususan, to‘qimachilik klasterlari Ozarbayjonning Imishli, Yevlax hamda Xankendi hududlarida tashkil etiladi. Bu haqda Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi ijrochi direktori Yusif Abdullayev jurnalistlarga ma’lum qildi.
Shuningdek, Abdullayev Toshkent shahri markazida besh yulduzli mehmonxona va turar-joy majmuasi qurilishini qayd etdi. Mehmonxona qurilishini boshlash joriy yilning sentabriga belgilangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumida ma’lum qilishicha, Boku, Shusha, Toshkent va Samarqandda ikki mamlakatning o‘z savdo uylari va ko‘rgazma zallarini ochish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tezlashtirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat yetakchilari yashil energiyani Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishishdi.