Migratsiya agentligi Rossiyaga borayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda agentlik matbout xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlikka Rossiya aeroportlarida mamlakat hududiga kirib borayotgan fuqarolardan hujjatlarining bir necha soatlab tekshirish holatlari va bu o‘z navbatida bir qator muammolarni yuzaga keltirayotgani bo‘yicha murojaatlar bo‘lmoqda.
Rossiya bo‘ylab xavfsizlik choralarining kuchaytirilgani sabab, mazkur mamlakatga borayotgan, bo‘lib turgan yoki chiqib ketayotgan fuqarolardan xavfsizlik choralari talablarini inobatga olgan holda harakatlanish so‘raldi.
Shuningdek, Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali mamlakat hududiga kirish uchun taqiq bor yoki yo‘qligini tekshirib, shundan so‘ng mamlakatga borish tavsiya etildi.
Bundan tashqari, agentlik Rossiyada ishlayotgan fuqarolar orasida onlayn e’lonlar orqali katta pul evaziga mahsulotni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish bo‘yicha muammolar yuzaga kelayotgani bo‘yicha ham ogohlantirdi.
Norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki ta’qiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinib, natijada politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Agentlik fuqarolardan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so‘ramoqda.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.
Avvalroq Qirg‘izistondagi 10dan ortiq bank Rossiya banklariga pul o‘tkazmalarini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.